Muallif uchun
Maqola qо‘lyozmasini taqdim etish qoidalari
Qо‘lyozmani taqdim etish.
Qо‘lyozmani taqdim etish doirasida Siz о‘zingizning asl ishingizni jо‘natayotganingizni, shu ishga huquqingiz mavjudligini, shu ishni birinchi marotaba ushbu jurnalda chop etish uchun taqdim etayotganingizni, bu ish boshqa jurnal yoki nashrlarda chop etish uchun kо‘rib chiqilmayotganligini kafolatlashingiz kerak. Maqola tahririyatga topshirilishida matnlarning originalligini aniqlash tizimda tekshirilib, tekshirish natijalari bilan taqdim etilishi hamda ishning originalligi 75% dan kam bо‘lmasligi kerak. Maqola barcha mualliflar tomonidan va ish bajarilgan tashkilot tomonidan ma’qullangan bо‘lishi kerak. Tashkilotning roziligi rahbariyatning yо‘llanma xati orqali isbotlanadi. Qо‘lyozma о‘zbek, rus va ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.
Biz nimani chop etamiz?
«Journal of Innovative Research in Textile and Light Industry» jurnali mutaxassislarning qо‘yidagi yо‘nalishlardagi ilmiy-tadqiqot ishlarini chop etadi:
- tabiiy tolani dastlabki ishlash texnologiyasi;
- ipak ishlab chiqarish texnologiyasi;
- yigirish texnologiyasi;
- tо‘qimachilik matolari ishlab chiqarish texnologiyasi;
- tо‘qimachilik materialshunosligi;
- tо‘qimachilik sanoati kimyoviy texnologiyasi;
- tikuv buyumlari ishlab chiqarish texnologiyasi;
- charm buyumlari ishlab chiqarish texnologiyasi;
- matbaa texnologiyalari;
- mehnat muxofazasi va texnika xavfsizligi;
- tо‘qimachilik materiallari bо‘yicha yangi ishlanmalar, jumladan dastlabki xomashyo, tolalar, tolali tо‘qimalar va notо‘qima materiallar, tо‘qimachilik kompozitsiyalari kabi boshqa materiallar haqida;
- tо‘qimachilik va yengil sanoat mashina va mexanizmlari;
- tarmoqning iqtisodiy va ekologik muammolari.
Jurnal chop etish uchun maqolalarning quyidagi turlarini kо‘rib chiqadi:
Ilmiy maqola sifatida:
1. Asl tadqiqot yuzasidan maqola (3000 dan 6000 gacha sо‘zdan, 15 dan ortiq havola etilgan manbadan iborat);
2. Tahliliy maqola (6000 dan 9000 gacha sо‘zdan, 60 dan ortiq havola etilgan manbadan iborat).
Ilmiy ma’ruza tezislari sifatida:
Yuqorida keltirilgan tarmoqlar bо‘yicha mavjud muammolar va ularning yechimlari tо‘g‘risidagi gepotizalar bayon qilingan 1 betdan 3 betgacha ilmiy ma’ruza tezisi (300 dan 1000 gacha sо‘zdan iborat). Ilmiy ma’ruza tezislari imkon qadar mavjud ishlab chiqarish korxonalaridagi real muammolar va ularning yechimlariga qaratilgan bо‘lishi tavsiya etiladi.
Taqrizdan о‘tkazish.
Jurnalda yopiq taqriz etish jarayoni amal qiladi, unda taqrizchining ismi muallifga, muallifning ismi taqrizchiga oshkor etilmaydi. Taqrizchi о‘z hohishiga kо‘ra taqrizda ismini kо‘rsatishi mumkin. Har bir maqola kamida ikkita taqrizchi tomonidan о‘rganiladi. Barcha qо‘lyozmalar imkon qadar qisqa muddatlarda kо‘rib chiqiladi, tahririyatning qarori, odatda, 4-6 hafta ichida qabul qilinadi.
Maqolani chop etishga qabul qilish tо‘g‘risidagi yakuniy qarorni tahririyat qabul qiladi.
Nashr etish etikasi.
Jurnal akademik tadqiqotlarning muhofazasini ta’minlashga harakat qiladi. Tahririyat “Nashriyot etikasi” qoidalariga amal qiladi. Maqolada akademik va joriy nashrlarda chop etilgan boshqa mualliflarning va ushbu ish muallifining materiallaridan foydalanishga yо‘l qо‘yilmasligiga harakat qilinadi. Boshqa manbalardan olingan kichik jumlalar va gaplarga havola berilishi kerak. Tahririyat taqdim etilgan maqolada plagiat mavjudligini tekshirish huquqiga ega.